Qarshi stansiyasida navbatdan tashqari nazorat ko'rigi o'tkazildi
Joriy yilning 10-iyul kuni “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” filiali boshlig‘i M.X. Mirzayev raisligida tashkil etilgan komissiya a’zolari tomonidan Qarshi stansiyasida navbatdagi nazorat ko‘rigi amalga oshirildi.
Mazkur tekshiruvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ishlab chiqarish jarayonida mehnat intizomi, texnik xavfsizlik, harakat xavfsizligi, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda texnologik jarayonlarning amaldagi tartiblarga muvofiqligini chuqur o‘rganish va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etishdan iborat bo‘ldi.
Ko‘rik doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha holatlar sinchiklab o‘rganildi:
Ishchi-xodimlar tomonidan mehnat intizomiga rioya etilishi;
Inshoot va texnik qurilmalar (yo‘l, vagon, lokomotiv, elektr ta’minoti, signallashtirish va aloqa tizimlari)ning soz holatda bo‘lishi;
Ish texnologiyasining talab darajasida bajarilishi;
Mehnat muhofazasi qoidalariga qat’iy amal qilinishi va xavfsiz ish sharoitlarining yaratilganligi;
Harakat xavfsizligi yuzasidan olib borilayotgan profilaktik choralar samaradorligi.
Ko‘rik davomida ayrim sohalarda mavjud muammolar, texnik nosozliklar va tashkiliy kamchiliklar aniqlanib, ularni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha mas’ul xodimlarga tegishli topshiriqlar va ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, Qarshi stansiyasi ishchi-xodimlari ishtirokida ochiq muloqot tarzida uchrashuv tashkil etilib, unda xodimlarning kundalik faoliyatida duch kelayotgan muammolar, taklif va tashabbuslari tinglandi.
Suhbat jarayonida bildirilgan barcha fikr-mulohazalar inobatga olinib, mas’ullar tomonidan amaliy yechimlar belgilandi hamda berilgan savollarga atroflicha javoblar qaytarildi.








