Tadbirkorlar bilan uchrashuv
Tadbirkorlar bilan hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, temir yo‘l transporti orqali yuk tashish jarayonlarini yanada qulay va samarali tashkil etish maqsadida, 2025-yil 24-sentabr kuni "O'ztemiryo'lkonteyner" AJ boshqaruv raisi o'rinbosari O.X. Axmedov, “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” filiali rahbari M.X. Mirzayev, "O'ztemiryo'lkonteyner" AJ vakillari hamda tegishli mas’ullar ishtirokida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
"O'ztemiryo'lkonteyner" AJ ma'muriy binosida, hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv o’tkazildi. Tadbirkorlar tomonidan yuk tashish yo‘nalishlari, yetkazib berish muddatlari, temir yo‘l orqali yuklarni ortish-tushirish sharoitlari bo‘yicha takliflar bildirildi va mavjud qiyinchiliklar ochiq muloqot shaklida bayon qilindi.
"O'ztemiryo'lkonteyner" AJ hamda “Qarshi MTU” filiali vakillari tomonidan bu masalalar atroflicha o‘rganilib, mavjud imkoniyatlar tahlil qilindi va jarayonlarni jadallashtirish maqsadida amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorlik bildirildi.
Bu kabi uchrashuvlar temir yo‘l infratuzilmasidan samarali foydalanish orqali tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yuk tashish hajmini oshirish va mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.








